Yo‘qolganlar va asirlarning yaqinlari Yerevan markazidagi xiyobonni to‘sib qo‘yishdi

Ozarbayjonda bedarak yo‘qolgan yoki asirlikda saqlanayotgan arman harbiylarining 50 dan ortiq qarindoshi chorshanba kuni Yerevandagi parlament binosi yonidagi markaziy Bagramyan xiyobonini to‘sib, parlament spikeri Alen Simonyan bilan uchrashuv tashkil etishni talab qildi. TASS muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, prospektda katta tirbandlik yuzaga kelgan, politsiya namoyishchilarni hibsga olishga kirishgan.
«Biz Alen Simonyandan barchamizni kabinetida qabul qilishini yoki shu yerga tushishini talab qilamiz. U so‘zlari uchun javob berishi kerak», – dedi namoyishchilardan biri.
Ayni damda prospektda vaziyat juda tarang, voqea joyiga politsiya maxsus kuchlari yetib kelishmoqda.
Seshanba kuni avvalroq tarmoqda Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan shaxsiy suhbat chog‘ida “jangsiz taslim bo‘lgan harbiylar unga kerak emasligini” aytgan video paydo bo‘ldi. O‘sha videoda Simonyan “mamlakat ularni qaytarib olish uchun hamma narsani qiladi”, deb qo‘shimcha qilgan.
Armaniston barcha hibsga olingan shaxslarni Ozarbayjondan qaytarishni talab qilmoqda. Bokuning bildirishicha, o‘tgan yilning kuzida Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro zonasida olib borilgan jangovar harakatlar paytida asirga olingan barcha Armaniston fuqarolari qaytarilgan, faqat “terrorchilar va diversantlar” ushlab turilibdi.
