Yoqilg’i mojarosi: Livanliklar Eron yoqilg’i ta’minotining uzilishidan norozi

Livan shimolidagi Hermel shahri aholisi energetik inqiroz sharoitida Erondan kelishi va’da qilingan yoqilg’ini olmaganliklarini aytib, mitingga chiqishdi. Fuqarolarning so’zlariga ko’ra, ular «Hizbulloh» harakati nazoratidagi kompaniyaga yoqilg’i uchun oldindan pul to’lashgan, lekin yetkazib berish hamon paysalga solinmoqda.
G’azablangan Hermel aholisi bir kun oldin ko’chalarga chiqishdi. Ular norozilik aksiyasi doirasida Assi daryosi ustidagi ko’prik yaqinidagi yo’lni to’sib, shinalarini yoqib yuborishdi.
Shunisi e’tiborliki, shu kunning o’zida mamlakatda yoqilg’i narxi yana ko’tarildi. Hozirda 20 litr benzinning narhi 161 dollargacha sotilmoqda. Yoqilg’i quyish shoxobchalarida benzin yoki dizelning yo’qligi sababli, bu miqdor uchun ham yoqilg’i sotib olishning iloji yo’q. Odamlar cheklangan yoqilg’i miqdorini olish uchun yoqilg’i quyish shoxobchalarida soatlab navbatda turishga majbur bo’lmoqdalar.

Yaqin vaqtgacha respublikaga yoqilg’i yetkazib berish Jazoir va Kuvaytdan pudratchilar tomonidan amalga oshirilgan. Shu bilan birga, nazorat qiluvchi organlar Jazoir kompaniyasi mahsulotlari tender hujjatlari shartlariga mos kelmasligini aniqladi. Shundan so’ng, janjal kelib chiqdi, uning fonida yonilg’i yetkazib beruvchi pudratchi kompaniyalar hamkorlik qilishdan bosh tortdi.

Livanni tobora domiga tortib ketayotgan qashshoqlik va boshqa iqtisodiy-siyosiy muammolar elektr energiyasining yo’qligi bilan ham yanada murakkab tus ola boshladi. Mamlakatda avj olgan energiya inqirozi natijasida uy xo’jaliklariga elektr energiyasi kuniga atigi bir necha soat berilmoqda.
