Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegaraga harbiy qo‘shin va texnikalarini joylashtirmoqda

Kecha, 9 iyul kuni Tolibon harakati Turkmaniston bilan chegaradagi Turg‘undi shahrini egallab oldi. Shahar uchun jang paytida tomonlar minomyot va granatalardan foydalangan. Snaryadlarning bir qismi Turkmaniston hududiga o‘tgan. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” manbasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ayni paytda Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi vakillari Turg‘undini egallagan Tolibon bilan muzokaralar olib bormoqda. Chegaradan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan Turkmanistonning Serhetabat shahriga Kaaxk, Tejen va Taxtabozardan bo‘linmalar, shuningdek, zirhli transportlar va artilleriya ko‘chirilmoqda.

Eslatib o’tamiz, kecha, Toliblar Afg‘onistonning Eron va Turkmaniston bilan chegarasidagi nazorat punktlarini egalladi. Avval xabar berganimizdek, Afg‘oniston shimoli-g‘arbiy qismidagi Badg‘is viloyatining barcha tumanlari Tolibon nazorati ostida.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov esa Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazib, unda Berdimuhamedov va harbiy idoralar rahbarlari qo‘shni Afg‘onistondagi beqaror vaziyatni muhokama qilib, ikki mamlakat chegarasida turkman qo‘shinlarining harbiy safarbarligini oshirish imkoniyatini ko’rib chiqdi.