Toshkent va Islomobod Transafg‘on temir yo‘l koridori loyihasini muhokama qildi

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari Pokiston savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Solih Faruqiy boshchiligidagi delegatsiya bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning ustuvor masalalarini muhokama qildi.
Ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitim loyihasini muvofiqlashtirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Yig’ilishda Pokiston Bosh vazirining 2021-yil 15-16-iyul kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitim shartlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Hozirda “Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar” Transafg‘on temir yo‘l koridorini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sezilarli qadamlar tashlanayotgani e’tiborga sazovor.
Muhokamalar yakunida sanoat sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Pokiston ishbilarmon delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
