Toliblar Panjshir viloyati to’liq nazoratga olinganligi munosabati bilan barchani tabrikladi

Xabarlarga ko‘ra, Toliblar og‘ir janglardan so‘ng qolgan yagona Panjshir viloyatini ham o‘z nazoratiga olgan.
Tolibon askarlarining matbuotga bildirishicha, Kobuldan 150 kilometr shimolda joylashgan Panjshir viloyati ham butunlay Islomiy Imorati qo‘liga o‘tgan.
Bu orada hind matbuoti «Qarshilik fronti» ning bir necha rahbarlari, jumladan, Ahmad Mas’ud va Amrulloh Solih qo‘shni Tojikistonga qochib ketganini xabar qilmoqda.
Ko‘p viloyatlarda, jumladan, poytaxt Kobulda odamlar Afg’oniston Islomiy Amirligini Panjshirni qo‘lga kiritgani munosabati bilan bayramlar nishonlamoqda va ba’zi hududlarda mahalliy aholi hamda Toliblar tomonidan havoga o‘qlar otilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Afg’oniston Islomiy Amirligi rasmiylari Panjshir viloyatining bosib olinishi haqida hozircha rasmiy izoh berishmagan.
Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid o‘z twitterida batafsil ma’lumot bermasdan, Toliblar va mahalliy aholiga «Havoga o‘qlar otgandan ko‘ra, ikki rakat nafl namozi o‘qib Allohga yuzlaning va U Zotga shukr qiling! Osmonga qarata o‘q otayotgan bu ishlaringiz noshar’iy bo‘lgan ishdir. Keling, shari’atga ko‘ra ish tutaylik va Robbimiz Alloh taologa behad hamdu sanolar aytib, shukr qilaylik.» deb nasihat qildi.
Zabihulloh Mujohid hali Panjshir to‘liq qulaganini e’lon qilmadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda Tolibonga yaqin ko‘plab faollar Panjshir to‘liq fath etilgani haqida xabar bermoqda.