Suriyada Asad rejimining yana ikkita ommaviy qabri topildi

Suriyada Bashar Assad rejimi tomonidan o‘ldirilgan tinch aholi vakillari joylashgan ikkita ommaviy qabr topilgani ma’lum qilindi.
New York Times gazetasining xabariga ko’ra, poytaxt Damashq atrofida ikkita alohida ommaviy qabr topilgan.
Ommaviy qabrlar 2014, 2016 va 2019-yillarda olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganish natijasida aniqlangan.
Mintaqaviy manbalarning ta’kidlashicha, kunduzi ommaviy qabr joylarida qazish ishlari olib borilgan, qorong’i tushgach, bir necha kun davomida hududga 100 ga yaqin jasad olib kelinib, dafn etilgan.
Qayd etilishicha, qabrlardan minglab tinch aholining jasadi topilgan.
Avvalroq ham Suriya bo‘ylab rejim tomonidan o‘ldirilgan odamlarning ommaviy qabrlari topilgan edi. Rejim tomonidan hibsga olinganlarning aksariyati qiynoqlar ostida o’ldirilgani va ommaviy qabrlarga ko’milgani taxmin qilinmoqda.
Mamlakatda o’n minglab bedarak yo’qolgan insonlar ham katta ehtimol bilan rejim tomonidan qirg’in qilingan bo’lishi mumkinligi aytilmoqda.
Suriyada 2011-yilda boshlangan urushda Rossiya va Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Asad rejimi kamida 500 ming kishining oʻlimi va millionlab aholining qochqinga aylanishi uchun javobgardir.
