Saudiya shahzodasi: Biz Tolibon hukumatini tan olmaymiz

Saudiya Arabistoni tashqi siyosatidagi nufuzli shaxslardan biri shahzoda Turki bin Faysal Saudiya Arabistoni 1990-yillardagidan farqli o‘laroq, Tolibonni Afg‘onistonning qonuniy hukmdori sifatida tan olmasligini aytdi.
Turki bin Faysalning BBCga bergan intervyusida, 1990-yillarda Saudiya Arabistoni Tolibonni Afg‘onistonning qonuniy hukmdori sifatida tan olganligiga sabab, Tolibon Afg’onistondagi qurolli guruhlar tomonidan olib borilgan halokatli fuqarolar urushini bartaraf etib, mamlakatning 90 foizini, jumladan poytaxt Kobulni qo’lga olganliklari bo’lgan.
Turki bin Faysalning qo‘shimcha qilishicha, Saudiya Arabistoni hozirda Tolibonni tan olish haqida hali o‘ylab ko’rgani yo’q va buning sababi «Tolibonning Al-Qoida bilan munosabatlari»dir.
Turki bin Faysalning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonining sobiq rahbari, qirol Abdulla davrida Saudiya Tolibon va Kobul hukumati o’rtasida vositachilik qilmoqchi bo’lgan, Tolibonga al-Qoida bilan aloqani uzish taklif qilingan, lekin Tolibon buni qabul qilmagan.
Shahzoda Turki bin Faysal kim?
1964-1975 yillarda Saudiya Arabistoni qiroli bo’lgan Faysal bin Abdulazizning o’g’li Turki bin Faysal 1979-2001 yillarda Saudiya razvedka boshqarmasi boshlig’i bo’lgan. Keyinroq, 2005-2007-yillarda Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi boʻlgan Turki bin Faysal Gʻarbda ta’lim olganligi va tashqi sohalarda maʼlumoti bo’lganligi sababli Saudiya Arabistonining tashqi siyosatida va ayniqsa Gʻarb bilan munosabatlarida hali ham muhim shaxs sifatida koʻrilmoqda.