«Pentagon Afg’oniston armiyasi qulashiga tayyor emasdi»

Senat Qurolli Kuchlar komissiyasi oldida hisobot bergan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin , afg’on harbiylarining birdaniga qulashi Pentagonni shoshirib qo’yganligini hamda bu borada afg’on armiyasidagi korruptsiya va ruhiy buzilish kabi omillar inobatga olinmaganligini tan oldi.
Ostin o’z bayonotida, «Ajablanarlisi biz hamda hamkorlarimiz tomonidan harbiy tayyorgarliklardan o’tkazilgan Afg’oniston armiyasi ko’p joylarda hatto bir dona o’q uzmasdan ham “chochilib” ketdi. Bu holatni boshqacha ta’riflashning o’zi vijdonsizlik bo’lardi”-deya ta’kidlagan.
Respublikachilar partiyasining komissiyalar tarkibidagi a’zolari Afg’onistondagi 20 yillik urush oxirida Prezident Jo Bayden ma’muriyati qilgan xatolariga alohida urg’u berishgan.
Ikki hafta oldin Tashqi ishlar vaziri Entoni Blinken Kongressda qilgan bayonotlarida, Bayden ma’muriyatining Afg’onistondan chiqish siyosatini qat’iyat bilan himoya qildi.
Lekin shunga qaramasdan Afg’on urushidagi alamli mag’lubiyat va AQShning Afg’onistondan chiqib ketishidagi tartibsizliklar tufayli Bayden o’zining prezidentlik davridagi eng og’ir inqirozga duch kelgani , hukumat va aholi o’rtasida uning tashqi siyosatdagi mahoratiga shubha uyg’otmoqda.
Senat Qurolli Kuchlar qo’mitasining respublikachi yuqori lavozimli a’zosi Jeyms Inxof Bayden ma’muriyatini aybladi va prezident harbiy rahbarlarning tavsiyalarini inobatga olmaganini hamda harbiylarning Afg’onistonni tark etganlaridan keyin ham AQSh fuqarolarining ko’pchiligi xavfli hududlarda qolib ketganligini ta’kidlagan. «Biz hammamiz Prezidentning qo’li bilan yaratilgan dahshatlarga guvoh bo’ldik», dedi Inxof.
Mazkur sessiyada so’zga chiqqan Bosh shtab boshliqlari boshlig’i general Mark Milli Mudofaa vaziri Ostin singari, Tolibon Afg’onistonni shunchalik tez egallab olishini kutmaganligini aytdi. Milli, shuningdek, harbiylar 2020 yil oxiridan beri AQShning Afg’onistondan shartsiz tez chiqib ketishi , afg’on armiyasi va hukumatining qulashiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirganini ham ta’kidladi. «Bu ogohlantirish bir yil oldin aytilgan edi va mening fikrim shu vaqt mobaynida bir xilligicha qolgandi», dedi Milli.
