Eron bilan yadroviy muzokaralar to’xtatildi

Eron va xalqaro kuchlar o‘rtasida 2015-yilda imzolangan yadroviy kelishuvni qayta tiklash uchun Venadagi muzokaralar yana to‘xtatildi.
Muzokaralar chog’ida Tehronning dasturga yangi talablarni olib kelgani tomonlar o’rtasidagi ziddiyatni kuchaytirgan omillardan biri sifatida ko’rsatilmoqa.
Ishtirokchilar muzokaralarni tezda qayta boshlashni maqsad qilganliklarini, ammo aniq bir sana hali belgilanmaganini aytdilar. Xitoyning bosh muzokarachisi Van Qun muzokaralar yil oxirigacha davom etishiga umid qilishini aytdi. Muzokaralarga raislik qilgan Yevropa Ittifoqi diplomati Enrike Mora ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.
Eronda hukumat almashgani sababli besh oylik tanaffusdan so‘ng 29-noyabr kuni Yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar davom ettirilgan edi. O’tgan hafta delegatsiyalar o’z hukumatlari bilan maslahatlashish uchun o’z mamlakatlariga qaytganlarida muzokaralar qisqa muddatga to’xtatildi.
Bitim Eronning yadroviy dasturi darajasini pasaytirish evaziga unga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish g‘oyasi bilan imzolangan. Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy hamon kelishuvga kiritilgan.
AQSh kelishuvdan chiqib, Tramp davrida Eronga qarshi sanksiyalarni qayta kiritgach, Tehron yadroviy dasturini tezlashtirdi va uranni kelishuvda belgilangan chegaralardan ancha yuqori darajada qayta boyitishni boshladi. Eron, shuningdek, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik inspektorlarining yadroviy inshootlardagi monitoring faoliyatiga ham cheklovlar kiritdi. Bu voqea Tehronning niyatlari haqida xavotirlarni uyg‘otdi.
Yadroviy kelishuv bo’yicha navbatdagi muzokaralar yil yakuniga qadar o’tkazilishi mumkin.
