Bokudagi tungi klubda yuz bergan portlashda 1 kishi halok bo‘ldi, 37 kishi yaralandi

Boku markazidagi tungi klublardan birida sodir bo‘lgan portlash natijasida bir kishi halok bo‘ldi, 37 kishi jarohat oldi.
Ozarbayjon Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida aytilishicha, portlash mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:00da Boku markazidagi Tarlan Aliyarbekov ko‘chasidagi tungi klublardan birida sodir bo‘lgan va natijada yong‘in chiqqan.
Qidiruv-qutqaruv guruhlari portlash joyiga yetib keldi, tez orada yong‘in o‘chirildi. Ozarbayjon Bosh prokuraturasi maʼlumotlariga koʻra, portlash oqibatida tungi klub xodimi halok boʻlgan.
“37 kishi jabrlangan, ulardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir. Shuningdek, 14 ta avtomobil, 1 ta xonadon va 2 ta noturar joy zarar ko‘rgan”, — deyiladi xabarda.
Tungi klubda yuz bergan portlash fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mazkur holat yuzasidan prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tergovchilaridan iborat qo‘shma tergov guruhi tuzilib, tergov ishlari Bosh prokuratura huzuridagi Tergov departamentiga topshirildi.
Aniqlanishicha, portlash binoga o‘rnatilgan gaz ballonining gaz ta’minoti yo‘qligi sababli sizib chiqishi natijasida sodir bo‘lgan.
