BMT Sharqiy Turkiston hisobotini qisqa vaqt ichida yakunlaydi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xitoy tomonidan Sharqiy Turkistonda inson huquqlari poymol qilingani haqidagi da’volarni baholash hisobotini yakunlash arafasida.
Hisobot tez orada ommaga e’lon qilinishi kutilmoqda.
Amerika Ovozi bergan xabarga ko’ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari vakili Rupert Kolvil, hisobotning kelgusi hafta ichida e’lon qilinishiga umid qilganliklarini va bu jarayonda Xitoy rasmiylari bilan uchrashish urinishlarining samarasiz bo’lganini bildirdi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bacheletning tashrifi yuzasidan Xitoy rasmiylari bilan hech qanday aloqa bo‘lmagani bildirildi.
Bir muddat avval Angliyada istiqomat qiluvchi bir guruh huquq himoyachilari va huquqshunoslar Sharqiy Turkistonda ozchiliklarga, xususan musulmon uyg’urlarga nisbatan qo’llanilgan qiynoqlar, genotsidlar va inson huquqlari poymol etilishi uchun Xitoy rahbari Si Tszinpinni bevosita javobgar deb bilishlarini bildirgan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari matbuot kotibi Kolvilning aytishicha, mintaqada inson huquqlari bo’yicha o’ta tashvishli xulosalar bo’yicha tahlillar davom etmoqda. Matbuot kotibining taʼkidlashicha, qiynoqlardan tashqari, oʻzboshimchalik bilan hibsga olish, ishchilarni notoʻgʻri sharoit va soatlarda ishga yo’naltirish kabi inson huquqlariga zid boʻlgan koʻplab amaliyotlar ham tekshirilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiylarining yuqorida tilga olingan bayonotlariga Xitoydan yangi munosabat bildirilmadi. Xitoy shu kungacha qilgan barcha bayonotlarida Sharqiy Turkistondagi inson huquqlari poymol etilishini inkor etib, bu gʻarb davlatlari tomonidan unga qarshi olib borilayotgan dezinformatsion kampaniya ekanini daʼvo qilmoqda.
