Bangladeshdagi Arakan lagerlarida yong’in: 2 ming kishi boshpanasiz qoldi

Bangladesh janubida, Myanma bilan chegarada rohinga qochqinlarining lagerlarida yong‘in chiqdi.
Koks-Bazar tumanidagi Kutupalong lagerida 9-mart kuni sodir bo‘lgan yong‘inda 2000 ga yaqin odam boshpanasiz qoldi.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘inda 6 yoshli bola ham halok bo‘lgan.
So‘z yuritilayotgan yong‘in 2022-yilda mintaqadagi Rohinga qochqinlarining lagerlarida sodir bo‘lgan 6-yong‘in sifatida qayd etildi.
Yong‘inlar infratuzilmadagi muammolar tufayli yuzaga kelgani va oldini olish mumkin bo‘lgani, biroq hududdagi imkonsizliklar tufayli bu yong‘inlarning oldini olishning imkoni bo‘lmagani qayd etildi.
2021-yil mart oyida lagerlarda sodir bo‘lgan yong‘inda kamida 15 kishi halok bo‘lgan, 50 mingdan ortiq odam boshpanasiz qolgan edi.
