AQSh Iroqdagi jangovar missiyasini yakunladi

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning jangovar missiyasi nihoyasiga yetgani va mamlakatda qolgan barcha askarlar o‘quv va maslahatchi rolini o‘z zimmalariga olishlari ma’lum qilindi.
Koalitsiya kuchlari qo’mondoni, amerikalik general-mayor Jon Brennan yozma bayonotida, “Biz jangovar rolimizni tugatganimizdan so’ng, Iroqning taklifiga binoan Iroq xavfsizlik kuchlariga maslahat va yordam berish hamda qulayliklar yaratish uchun shu yerda qolamiz», deya fikr bildirdi.
Birlashgan operatsiyalar qo‘mondonligi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-leytenant Abdulamir al-Shammariyning ma’lum qilishicha, Iroq kuchlari IShID tahdidiga qarshi kurashishga tayyor. “Bugun biz koalitsiya bilan hamkorligimizni yangilayapmiz, u jasur jangchilarimizga maslahat va yordam sifatida yangi yo’nalishda xizmat qila boshlaydi”, dedi Al Shammari.
G‘arb xavfsizlik amaldorlari va diplomatlarning shaxsiy suhbatlarida aytishlaricha, bu qadam Iroqdagi 2000 dan ortiq askar uchun katta o‘zgarish bo‘lmaydi, chunki bu askarlar so‘nggi bir necha yil davomida jangovar harakatlarda cheklangan tarzda qatnashgan.
G’arb rasmiylarining aytishicha, koalitsiya kuchlarining Iroqdagi rolini o’zgartirishni “qo’shinlarni olib chiqish” deb ta’riflash noto’g’ri bo’ladi, chunki bu Iroqda joylashgan askarlar sonida katta o’zgarishga olib kelmadi.
AQSh boshchiligidagi koalitsiya 2014-yilda IShID a’zolari Iroq va qo‘shni Suriyadagi katta hududlarni nazorat ostiga olgandan so‘ng, guruhni yengish uchun harbiy missiyani boshlagan edi.
2017-yilda IShID mag‘lubiyatga uchraganidan beri uning jangchilari olis tog‘li va cho‘l hududlarida kichik miqyosdagi hujumlarni davom ettirib, hududiy nazoratni o‘rnatolmagan bo‘lsa ham Iroq askarlariga vaqti-vaqti bilan hujum qilib, yetarlicha talofat yetkazib kelmoqda.
Koalitsiya kuchlari Eron tomonidan qo’llab-quvvatlangan shia jangarilari tomonidan ko’plab raketa va qurolli uchuvchisiz havo vositasilari hujumlariga uchradi. IShIDni mag’lub etishga hissa qo’shgan shia jangarilarining aytishicha, endi G’arb kuchlarining Iroqda bo’lishi uchun hech qanday sabab yo’q.
AQSh prezidenti Jo Bayden va Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy iyul oyida AQShning Iroqdagi jangovar missiyasini 2021-yil oxirigacha rasman tugatishga kelishib oldi. 2020 yildan beri AQSh Iroqda 2500 ga yaqin askarlarni saqlab kelmoqda.
