Afg’oniston va Pokiston o’rtasida keskinlik kuchaymoqda

Pokistonning afg’on fuqarolariga nisbatan qilayotgan harakatlari ikki davlat o’rtasidagi taranglikni yanada oshirmoqda. Nihoyat, Islomobod ma’muriyati ikki mamlakatni bog’laydigan eng muhim o’tish joylaridan biri bo’lgan Torham chegara darvozasini fuqarolik o’tish joylari bilan yopdi. Bu qaror afg’on xalqining katta reaktsiyasiga sabab bo’ldi va yillar davomida kundalik hayoti uchun Nangarhordan Pokistonga o’tgan mintaqa xalqi muammolarga duch kela boshladi. Davolanish uchun Pokistonga o’tmoqchi bo’lgan ikki afg’on, Torham yopiq bo’lgani uchun tog’li yo’lga chiqmoqchi bo’ldi, lekin jarlikdan yiqilib o’ldi. Bu esa afg’on fuqarolarining Pokistonga nisbatan noroziliklarini yanada kuchaytirdi.
Torhamdagi keskin davom etar ekan, Pokiston Afg’oniston fuqarolariga qarshi reaktsiyaga sabab bo’lgan yangi qarorga imzo chekdi. Ya’ni, endilikda, Pokistonda joylashgan aviakompaniyalarning afg’on yo’lovchilariga sotadigan chiptalar narxi 2-3 barobarga oshdi. Bu o’sishdan so’ng, Afg’onistondan bir soatga yaqin masofadagi Pokistonga borishni istaganlar uchun aviachipta narhi dunyoning boshqa davlatlariga borishdanda qimmatroqqa tushadigan bo’ldi. Bundan tashqari, Pokiston Ichki ishlar vazirligi Afg’onistondan uchadigan yo’lovchilar ro’yxatini shaxsan o’rgangani va ba’zi yo’lovchilarga vizasi bo’lsa ham ruxsat bermaganligi bildirildi.
Ushbu amaliyotlardan so’ng, ikki mamlakat o’rtasidagi aviaqatnovlar to’xtatildi. Tolibon e’lon qilgan Afg’oniston Islom Amirligining Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bu vaziyatdan keyin Pokistonga ogohlantirish yubordi. Ogohlantirishda, agar bu siyosat davom etsa, Pokiston samolyotlarining Afg’onistonga kirishiga yo’l qo’yilmasligi aytilgan. Afg’oniston va Pokistondagi yangi ma’muriyat o’rtasida ham shunday keskinlik kuchayishi mumkin degan xavotirlar bor.
